Sizda uyat hissi bormi, janoblar?

Psixologiyada “ispancha uyat” degan iborani yaqinda hamkasb ustozlardan biridan eshitdim. Ammo bunday tuyg‘uni ko‘p marta o‘zimda tuygan ekanman. Yaʼni, qimningdir qilgan nojo‘ya ishi uchun o‘zimni behuzur his qilganman. Do‘stim, yaqinim, hamkasbimning nomunosib xatti-harakatlari baʼzan uyaltirgan meni.

Qo‘limga Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼatining shu yil 7 noyabridagi Zafar Ataxanovga oid ajrimi kelib tushdi. Ajrim To‘rtko‘l tumani sudining 6 oktyabr kungi o‘qituvchi-blogerni jazolash borasidagi maʼmuriy qarorini bekor qilgan. Holbuki, To‘rtko‘l sudining bu qarori sohada ishlayotgan har bir sudyada uyat hissini paydo qilishi kerak.

Masalan, sud hujjati hech bir ekspertiza yoki mutaxassisning xulosasiga tayanmay o‘qituvchi-blogerni tuhmatchiga chiqargan, zo‘rovonga aylantirgan. Sud qarorining bayon qismida bo‘ydoq yigit sudning asoslovchi qismida olti bolali erkakka aylanib qolibdi. Sudya IIB tomonidan olib kirilgan “maxsus ish”ni hatto varaqlab ham ko‘rmagan. Sud qarorini boshqa bir sud qarorining ustiga yozgan va ikki qaror bir-biri bilan aralashib ketgan. Inson taqdiriga shunchalar befarqlik!

Men prezident Mirziyeyovni sudlarning axlat tizimga aylanib qolgani haqida gapirganida uni qo‘pollikda ayblagandim. Ammo, afsuski, bu eng to‘g‘ri taʼrif va ibora ekan. Sud qarorini o‘qib ko‘ring, taqdirimiz shunday sudyalar qo‘lida ekanidan qo‘rqib ketasiz!

Oradan 40 kun o‘tganiga qaramay O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Sudyalar Oliy kengashi To‘rtko‘l tumani sudining bu qaroriga hatto munosabat ham bildirmadi, demoqchi edim-u, fikrimdan qaytdim. Nima ham derdi?! Shunaqa, “aaa” qilib qo‘ydik, dermidi?!

Menimcha, bu idoralarning matbuot xizmatlarini yuritayotgan jurnalist hamkasblarimizda ham ispancha uyat hissi paydo bo‘lgan ko‘rinadi. Shuning uchun uni chiqmayotgandir, ammo uyatdan mosuvo tizimning o‘zi bu kabi sudyalarni himoya qilmoqda, aksincha, unga chora ko‘rilgan bo‘lardi.

Leave a Reply

Sizning Email manzilingiz chop etilmaydi Shu * belgi joylashtirilgan joylarni to'ldirish shart